Assalom-u alaykum, Mehmon!
Bosh sahifaga | Kirish | Ro΄yhatdan o΄tish
• Yangi tarjima filmlar makoni
• Derbi.Uz - Futbol yangiliklari
• Yulduz.Asia - Yulduzlar olami
• Milliy Art guruhining yangi konserti
“Infolib Uzbekistan – 2013” haftaligida 35 dan ortiq tadbir o'tkaziladi
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida yaqinda o'tkaziladigan “Infolib Uzbekistan – 2013” milliy axborot-kutubxona haftaligiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

“Infolib Uzbekistan – 2013” haftaligi mamlakatimizda ikkinchi marta tashkil etilmoqda, deb xabar beradi O'zA. Tadbir Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo'mitasi, Matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Bu yilgi haftalik 28 oktyabrdan 1 noyabrga qadar davom etadi.

O'zbekiston Milliy kutubxonasi binosida bo'lib o'tadigan «Infolib Uzbekistan –2013» milliy axborot-kutubxona haftaligining asosiy maqsadi o'quvchi yoshlarning axborot madaniyati darajasini oshirish, xalqimizning ma'naviy merosini boyitish, kitobxonlikni ommalashtirish, foydalanuvchilarga axborot-kutubxona xizmatini ko'rsatishda internet imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy innovatsion va ta'lim texnologiyalarini ishlab chiqish hamda joriy etish, hayotimizda kutubxonaning ijtimoiy-madaniy ahamiyatini oshirishdan iborat.

Haftalik doirasida kutubxonada ekskursiya tashkil etish, davra suhbatlari, ma'rifiy tadbirlar, ko'rgazmalar, ma'rifat dargohi videotekasidagi filmlar namoyishi va Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi loyihalarining taqdimotini o'tkazish ko'zda tutilgan. Shu bilan birga, mashhur yozuvchi va shoirlar, musavvirlar, rejissyorlar, yoshlar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida uchrashuvlar ham bo'lib o'tadi.

Matbuot anjumanida «Infolib Uzbekistan – 2013» haftaligining bu yilgi dasturi ancha kengaytirilgani qayd etildi. Uning doirasida 35 dan ortiq tadbir o'tkazish rejalashtirilmoqda. Masalan, yoshlar e'tiborini ko'proq jalb etish maqsadida mashhur bloggerlar, taniqli estrada xonandalari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar o'tkazish mo'ljallanmoqda.

«Infolib Uzbekistan – 2013» haftaligi davomida nodir nashr va qo'lyozmalarni konservatsiya va restavratsiya qilish bo'yicha tashkil etiladigan uch kunlik amaliy seminarda mamlakatimiz axborot-kutubxona muassasalari hamda arxivlari mutaxassislari ishtirok etadi.

Manba: www.darakchi.uz
Qo`shdi: Admin
Kiritilgan sana: 25.10.2013 / 22:05
Bosh sahifaga
© 2013-2018, Xabar.Org™