Assalom-u alaykum, Mehmon!
Bosh sahifaga | Kirish | Ro΄yhatdan o΄tish
• Yangi tarjima filmlar makoni
• Derbi.Uz - Futbol yangiliklari
• Yulduz.Asia - Yulduzlar olami
• Milliy Art guruhining yangi konserti
O‘zbekistonda 2018-yilda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 30 nafar mansabdor ishdan olingan
O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon majburiy mehnat masalasida huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.

Jumladan, 169 nafar sektor rahbari — tuman va shahar hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari intizomiy javobgarlikka tortilgan. Ularning 30 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bu raqamlar Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi, Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasining qo‘shma majlisida aytib o‘tildi. Shuningdek, unda Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi hamda “Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida”gi konvensiyalarining mamlakatda ijro etilishi holatini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Majlisda bir qator huquqbuzarlik holatlari aniq misollar bilan keltirildi. Xususan, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 83- umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori M. Mavlonov tomonidan maktab o‘qituvchilari o‘z roziligisiz obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan. Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimligi tomonidan tumandagi 4 ta kasb-hunar kolleji rahbarlari “Obod qishloq” dasturi doirasida hududlarga biriktirilib, aholi xonadonlarini buzish, ta’mirlash va qayta qurish ishlariga jalb qilingani kuzatilgan.

— Majburiy mehnatga direktor o‘z xohishi bilan qo‘li ostidagi xodimlarni jalb qilmaydi, — deydi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — U tuman miqyosida ish olib borayotgan rahbarlarning og‘zaki topshiriqlari asosida shu ishga qo‘l uradi. Masalaning asl sabablarini o‘rganishimiz kerak. Avvalo, hududiy kesimda ish olib borayotgan rahbarlarning bu boradagi mas’uliyati va huquqiy bilimlarini oshirish lozim.

Manba: www.daryo.uz
Qo`shdi: Admin
Kiritilgan sana: 07.12.2018 / 10:31
Bosh sahifaga
© 2013-2018, Xabar.Org™