Assalom-u alaykum, Mehmon!
Bosh sahifaga | Kirish | Ro΄yhatdan o΄tish
• Yangi tarjima filmlar makoni
• Derbi.Uz - Futbol yangiliklari
• Yulduz.Asia - Yulduzlar olami
• Milliy Art guruhining yangi konserti
Surxondaryoda harbiylar o‘rtasida “Temur tuzuklari bilimdonlari” aniqlandi
Termiz shahrida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tanlovda uning quyi bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalar o‘zaro bellashdi.

— Joriy yilda ilk marta o‘tkazilayotgan intellektual o‘yin shaklidagi mazkur tanlov buyuk sarkarda Amir Temurning boy madaniy merosini o‘rganib, uni ommalashtirish va yoshlarning ma’naviy immunitetini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi, — deydi podpolkovnik B.Mirzayev. — Ularning mutolaa madaniyatini yuksaltirish orqali Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi bilim va ko‘nikmalarini oshiradi. Dunyoqarashini yanada rivojlantirib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashadi.

Ishtirokchilar uchta shart bo‘yicha o‘z bilimini namoyish etib, “Temur tuzuklari” asaridan test sinovlarini topshirdi. Ikkinchi shart bo‘yicha buyuk sarkardaning mazkur asari bo‘yicha tuzilgan savollarga javob berdi. Uchinchi shartda o‘z taqdimotlari bilan O‘zbekistonning shonli tarixi, buyuk qahramonlar, sarkarda va qo‘mondonlar hayoti hamda jasoratini qay darajada bilishlarini namoyish qildi.

Tanlov yakunida “Qalqonlar” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin “Qalqon”, uchinchi o‘rinni “Amir Temur avlodlari” jamoalariga nasib etdi.

G‘olib jamoalar Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlar qo‘mondonligi o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi. Diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Termiz garnizoni harbiy orkestri xonandalarining kuy-qo‘shiqlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.

Manba: www.daryo.uz
Qo`shdi: Admin
Kiritilgan sana: 31.12.2018 / 12:01
Bosh sahifaga
© 2013-2018, Xabar.Org™